+998 55 518 57 77

QUYOSH PANELLARI O‘RNATGAN AHOLI UCHUN KENG IMKONIYATLAR

26.03.2026 95

Bugungi kunda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Xususan, quyosh energiyasidan samarali foydalanish maqsadida keng ko‘lamli dasturlar va imtiyozlar joriy etilmoqda.

“Quyoshli xonadon” dasturi – aholi uchun yangi imkoniyat.

Aholini quyosh panellarini o‘rnatishga rag‘batlantirish maqsadida “Quyoshli xonadon” dasturi ishga tushirildi. Ushbu dastur doirasida:

·  Xonadonlarda kichik quvvatli (50 kVtgacha) quyosh panellarini o‘rnatish qo‘llab-quvvatlanadi;

·  Ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi uchun har bir kVt/soatga 1 000 so‘m subsidiya beriladi;

·  Bu esa aholiga qo‘shimcha daromad olish imkonini yaratadi.

“Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etildi.

Qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini o‘rnatish va ulardan foydalanishni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etildi. Ushbu kompaniya:

·  Ijtimoiy soha va davlat obyektlarida energiya qurilmalarini joriy etadi;

·  Qurilmalarni ekspluatatsiya qilishni tashkil qiladi;

·  Energiya samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Soliq imtiyozlari va еngilliklar.

Quyosh panellarini o‘rnatgan fuqarolar va tadbirkorlar uchun muhim imtiyozlar belgilangan:

·  3 yilgacha mol-mulk va еr solig‘idan ozod etiladi;

·  Agar energiya saqlash tizimi mavjud bo‘lsa – 10 yilgacha imtiyoz beriladi;

·  Ortiqcha elektr energiyasini sotishdan olingan foyda solig‘idan ozod qilinadi.

Texnik va tashkiliy qulayliklar.

·  Elektr tarmoqlariga ulanish jarayoni soddalashtirilgan;

·  Qo‘shimcha texnik ruxsatnomalar talab etilmaydi (belgilangan quvvat doirasida);

·  Elektr energiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotish imkoniyati yaratilgan.

Yangi talablar va majburiyatlar.

Energiya samaradorligini oshirish maqsadida yangi talablar ham joriy etilgan:

·  Yangi ko‘p qavatli uylarning tom qismining kamida 50%iga quyosh panellari o‘rnatiladi;

·  Yoqilg‘i quyish shoxobchalari energiyaning kamida 50%ini quyosh orqali qoplashi kerak;

·  Ayrim ishlab chiqarish tarmoqlarida gazga ulanish cheklanadi.

Xulosa.

Ko‘rinib turibdiki, quyosh panellarini o‘rnatish nafaqat ekologik jihatdan foydali, balki iqtisodiy manfaatli hamdir. Davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar – subsidiyalar, soliq imtiyozlari va qulay shartlar – aholining bu yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.

Quyosh energiyasidan foydalanish orqali har bir xonadon nafaqat o‘z ehtiyojini qoplaydi, balki mamlakat energetika barqarorligiga ham hissa qo‘shadi.

 

Ma’muriy-xo‘jalik va mehnatni muhofaza qilish bo‘limi

bosh mutaxassisi Ismatov Samariddin