+998 55 518 57 77

Nodavlat sud-ekspertiza faoliyatida yangi bosqich: tartib-taomillar soddalashtirildi

25.02.2026 70

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-fevraldagi 73-son qarori bilan nodavlat sud-ekspertiza sohasini tartibga soluvchi bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi. Mazkur qaror sud-ekspertiza xizmatlari bozorini rivojlantirish, raqobatni kuchaytirish hamda fuqarolar va tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan bo‘lib, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda qayta ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Endilikda bunday tashkilotlar:

  • notijorat tashkilot shaklida;
  • yoki yakka tartibda sud-ekspertlik byurosi ko‘rinishida tashkil etilishi mumkin.

Bu o‘zgarishlar sohada faoliyat yuritishni ancha soddalashtiradi va yangi mutaxassislarning kirib kelishiga imkon yaratadi.

Shuningdek, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Davlat xizmatlari markazlari orqali Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi yordamida amalga oshiriladi. Bu esa ortiqcha byurokratik jarayonlarni kamaytiradi.

Avvallari muqaddam nodavlat sud-ekspertiza tashkilotini tuzish uchun sud eksperti sertifikatiga ega kamida 3 nafar mutaxassis mavjud bo‘lishi shart edi. Yangi tartib bilan bu talab bekor qilinib, tashkilotni yakka tartibda ham tuzish imkoniyati yaratildi. Natijada, malakali ekspertlar mustaqil faoliyat boshlashi uchun kengroq huquqiy sharoit paydo bo‘ldi.

Mazkur qaror bilan ilk bor:

  • nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha;
  • sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarni yagona reyestrga kiritish bo‘yicha

davlat xizmatlari joriy etildi.

Bu esa sohada shaffoflikni ta’minlash, malakali mutaxassislar haqida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda sud jarayonlarida ishonchlilikni oshirishga xizmat qiladi.

Qarorga ko‘ra, endilikda nodavlat sud eksperti bo‘lish istagini bildirgan shaxslar uchun qayta tayyorlash, malaka va huquqiy bilimlarni oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. O‘quv jarayoni amaliyot bilan uyg‘un holda tashkil etiladi:

  • ta’limning 40 foizi nazariy;
  • 60 foizi  amaliy mashg‘ulotlardan iborat bo‘ladi.

Nazariy mashg‘ulotlar tegishli davlat ta’lim muassasasida, amaliy qismi esa davlat sud-ekspertiza muassasasida tashkil etiladi. Bu yondashuv mutaxassislarning real amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qaror asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Ekspert-malaka komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur komissiyaning asosiy vazifalari:

  • nodavlat sud ekspertlarining kasbiy va amaliy tayyorgarlik darajasini aniqlash;
  • ularning faoliyati ustidan nazoratni ta’minlash;
  • noqonuniy harakatlar bilan bog‘liq holatlarni adolatli va xolis ko‘rib chiqish.

Bu mexanizm sud-ekspertiza tizimida intizom va mas’uliyatni kuchaytiradi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak qabul qilingan ushbu qaror nodavlat sud-ekspertiza sohasini yangi bosqichga olib chiqadi. Faoliyatni soddalashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini avtomatlashtirish, sertifikatlash va yagona reyestrni joriy etish, shuningdek, malaka oshirish tizimini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish  bularning barchasi sohaning ochiqligi va samaradorligini ta’minlaydi.

Natijada, sud-huquq tizimida mustaqil, professional va raqobatbardosh ekspertlar korpusi shakllanishi uchun mustahkam huquqiy zamin yaratilmoqda.

 

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash

va malakasini oshirish instituti

bosh mutaxassisi

 Avazmetova Iroda