Bugungi kunda kadrlarga ehtiyoj mavjud bo‘lsa-da, ish beruvchi tomonidan ularning malakasi bo‘yicha quyilayotgan zamonaviy talablarning yuqorilab borishi, kundan-kunga mehnat bozorida sog‘lom raqobatning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda, ta’lim muassasalarini bitiruvchilari nazariy bilimlarga ega bo‘lsa-da, ularning ayrimlari darhol kasbga kirishib ketishi va o‘z o‘rnini topa olmaslik bilan bog‘liq holatlar ko‘zga tashlanmoqda. Bu o‘z navbatida kasbga ega bo‘lish uchun oliy ma’lumotning o‘zi yetarli emasligidan dalolat beradi. Shu bois, bugungi kunda davlat fuqarolik xizmatchilariga kasbga kompetentlik nuqtai nazardan ham talablar quyilmoqda.
Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlardan kelib chiqib, hozirgi tezkorlik bilan o‘zgarib borayotgan yangi sharoitlarga moslashuvchan, professional, innovatsion va natijadorlikka qaratilgan davlat fuqarolik xizmatining yangi modelini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan “Davlat fuqarolik xizmatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi”da “Inson resurslarini zamon talablariga muvofiq rivojlantirib borish, shu jumladan, kompetensiya modelini joriy etish” ustuvor yo‘nalish sifatida e’tirof etilib, boshqa vazifalar qatorida, “Hayot davomida ta’lim olish” (Life Long Learning) tamoyili asosida davlat fuqarolik xizmatchilarining o‘zlariga zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni rivojlantirib borishiga qaratilgan malaka oshirish tizimining yagona qoidalarini belgilash, davlat fuqarolik xizmatida kompetensiya modelini hamda professional kompetensiyalarni baholash tizimini joriy etish, davlat fuqarolik xizmatchilari o‘z kasbiy va shaxsiy kompetensiyalarini rivojlantirib borishini ularning kareraviy o‘sishi va moddiy manfaatdorligi bilan bog‘lash tizimini joriy etish, davlat fuqarolik xizmatchilari kompetensiyalarini baholash (assessment) jarayonlarini raqamlashtirish, vakant lavozimlarini to‘ldirish jarayonida boshqa idoralar bilan kelishish institutini qayta ko‘rib chiqib, davlat fuqarolik xizmatchilarini “Ustoz-shogird” an’analariga ko‘ra tajribali, bilimli va malakali davlat fuqarolik xizmatchilariga shogird sifatida biriktirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Mazkur vazifalarni amalga oshirilishini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyundagi PF–95-son “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni (keyingi o‘rinlarda – Farmon) muhim o‘rin tutadi. Jumladan, Farmonga muvofiq 2025-2026 yillarda davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari sifatida davlat organlarida kadrlar bilan ishlashning zamonaviy usul va mexanizmlari hamda yaxlit tizimini joriy etish, davlat organlarida salohiyatli va istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, xodimlarning davlat fuqarolik xizmatiga (keyingi o‘rinlarda – davlat xizmati) qabul qilingandan boshlab butun mehnat faoliyati davomida zarur bilim va kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz rivojlantirishini tashkil etish va monitoring qilish, davlat xizmatchilarining samarali mehnatga intilishini kuchaytirish, o‘z kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va yuqori natijalardan manfaatdorligini oshirishga qaratilgan mehnatga haq to‘lashning jozibador mexanizmlarini joriy etish belgilandi.
Demak, moslashuvchan, professional, innovatsion va natijadorlikka qaratilgan davlat fuqarolik xizmatining yangi modelini yaratishda davlat xizmatchilarning kompetensiyalarini oshirish muhim o‘rin tutadi.
“Kompetensiya” lotin tilidagi “sompetentia” (“competere”) so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, muvofiqlik, mutanosiblik, qobiliyat, layoqat ma’nolarini anglatadi.
Ko‘pincha kompetensiya atamasi muayyan kasb bilan bog‘langan holda ishlatiladi va “kasbiy kompetensiya” deb, ataladi.
Ta’kidlangan Farmon bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz ravishda oshirish tartibi to‘g‘risida nizom”da (keyingi o‘rinlarda – Nizom) “Kasbiy kompetensiyalar – davlat fuqarolik xizmatchisiga o‘z faoliyatini samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar va malakalar yig‘indisi” – deb, tushuncha berilgan.
Farmonga asosan davlat xizmatchilarining salohiyati va kasbiy kompetensiyalarini diagnostikadan o‘tkazishda, ularning quyidagi ko‘rsatgichlari baholanishi belgilangan:
1) tegishli soha va tarmoq bo‘yicha bilim darajasi;
2) hujjatlarni tuzish ko‘nikmalari;
3) davlat tilida ish yuritish ko‘nikmalari;
4) tahliliy malakalari;
5) rahbarlik malakalari;
6) kommunikativlik malakalari;
7) kompyuter savodxonligi;
8) qonunchilikdagi yangiliklarni o‘zlashtirganligi;
9) O‘zbekiston tarixini o‘zlashtirganligi;
10) xorijiy tillarni o‘zlashtirganligi;
11) umumiy eruditsiyasi;
12) psixologik diagnozi;
13) intellektuallik koeffitsienti (IQ).
Kasbiy kompetensiyalarni tashkil etadigan ushbu ko‘rsatgichlarni davlat xizmatchilari tomonidan uzluksiz ravishda oshirishi lozim bo‘lgan “qattiq” va “yumshoq” ko‘nikmalarga ajratiladi. Nazariya va amaliyotda, ushbu ko‘nikmalar tegishlicha “qattiq” – “hard skills” va “yumshoq” – “soft skills” deb, yuritiladi.
Bunda, kasbiy kompetensiyalariga kiradigan “qattiq” (hard skills) ko‘nikmalarini davlat xizmatchilarning professionallik sifatiga oid qo‘yidagi ko‘rsatkichlar tashkil etadi:
1) tegishli soha va tarmoq bo‘yicha bilim darajasi. Mazkur kasbiy bilim tashkilotning ichki me’yorlarini bilish (masalan, tashkilot nizomi, lavozim yo‘riqnomasi, jamoat shartnomasi, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, odob-axloq qoidalari, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish nizomi va boshq.);
2) hujjatlarni tuzish ko‘nikmalari, jumladan buyruq, xulosa, axborot xati, ma’lumotnoma, shartnomalar, da’vo arizalari, shikoyatlar va boshqalarni rasmiy ish yurituv uslubida yozish qobiliyati, har qanday hujjatni aniq tuzilishiga e’tiborli bo‘lish (masalan, sarlavha, murojaat, asosiy qism, yakun va imzo), fikrlarni aniq, lo‘nda va tushunarli bayon qilish, ortiqcha so‘zlardan qochish qobiliyati, hujjatlarni tuzishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalar va servislardan foydalana olish qobiliyati;
3) davlat tilida ish yuritish ko‘nikmalarga, jumladan yozma ko‘nikmalar (masalan, hujjatlarni davlat tilida to‘g‘ri tuzish, hujjatlarni tuzishda davlat tilida ravon va tushunarli bayon qilish, grammatik to‘g‘riligiga e’tiborli bo‘lish malakalarning mavjudligi), rasmiy uchrashuvlar og‘zaki muloqot qilish ko‘nikmalari, kiruvchi va chiquvchi hujjatlarni ro‘yxatga olish, saqlash, arxivlash va nazorat qilish bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lish, rasmiy uslub va terminologiyalardan to‘g‘ri foydalanishni bilish qobiliyati;
4) tahliliy malakalar ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish (masalan, turli manbalardan kerakli axborot yig‘ish, ma’lumotlarning ishonchliligini baholash, raqamli va sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilish, muammolarni aniqlash va yechimlar topish, tanqidiy fikrlash, tizimli yondashish, prognozlash va rejalashtirish hamda hisobot tayyorlash qobiliyatlari);
5) rahbarlik malakalarini, jumladan, tashkilotni boshqarish qobiliyati (masalan, tashkilotda ishni tashkil qila bilish, murakkab vaziyatlarda qat’iy qarorlar qabul qilish, vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish qobiliyati, yirik loyihalarni tuzish va ularni bajarilishini tashkil etish, boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalar tizimini takomillashtirish qobiliyati), xodimlarni boshqarish qobiliyati (masalan, liderlik, ya’ni yuqori darajadagi tashkilotchilik, jamoani bir maqsad atrofida birlashtira olish, xodimlarda ishonch uyg‘otish, ilhomlantirish, xodimlarning ichki tartib va qoidalariga rioya qilishlarini ta’minlash, maqsadlarni to‘g‘ri belgilash, ustuvor vazifalarni ajrata bilish qobiliyati), rahbarning maxsus bilim va ko‘nikmalari (masalan, sohaga yoki tarmoqqa doir faoliyatning xususiyatlarini bilish, jamoada qulay ma’naviy va ruhiy muhitni yaratish, nizolarni boshqara bilish, professionallik, moliyaviy savodxonlik, innovatsion texnologiyalarni tadbiq etish qobiliyati);
6) kompyuter savodxonligi, jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana olish (masalan, mazkur ko‘nikma, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining texnik asoslarini tushunish va ularning dasturlaridan keng foydalana olish (ular – Word, Excel, PowerPoint, Smartoffise), kasbiy faoliyatda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni bilish (ular – ChatGPT, Google Gemini, Claude, Microsoft Copilot, Grok, Deep Seek - AI Assistant va boshq.) hamda Internet tarmoqlarida mavjud milliy qonunchilik ma’lumotlar bazasidan foydalana olish qobiliyatini anglatadi (masalan, Lex.uz);
7) qonunchilikdagi yangiliklarni o‘zlashtirganlik, jumladan xizmatchining o‘z kasbiy faoliyatida qonunchilikni amalda qo‘llay olishi (masalan, huquqiy ahamiyatga ega harakatlarni bajarish, yuridik xizmat ko‘rsatish, huquqiy masalalar yuzasidan maslahatlar berish, mustaqil qarorlar qabul qilish), turli huquqiy jarayonlarni tartibga soluvchi qoidalarni tushunish va ularni amalda qo‘llash qobiliyati (masalan, ma’muriy tartib-taomillar, intellektual huquq, korporativ huquq, kiberhuquq va x.k.) va boshq.
Mazkur ko‘rsatgichlarga oid bilim, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lish davlat xizmatchining yuqori professionalligidan dalolat beradi.
Kasbiy kompetensiyalariga oid “yumshoq” (soft skills) ko‘nikmalarini tashkil etadigan ko‘rsatkichlariga, jumladan, davlat xizmatchilarining quyidagi shaxsiy sifatlari kiradi:
1) kommunikativ kompetensiya, ya’ni verbal (og‘zaki va yozma) va noverbal (so‘zsiz) vositalarni qo‘llash orqali turli vaziyatlarda samarali muloqot qilish, muzokara olib borish, aloqa o‘rnatish, axborot almashish hamda o‘zaro tushunishga erishish qobiliyatini anglatadi (masalan, tinglay olish, ishontira olish, muloqotni boshqara olish, ishonchli munosabatlarni o‘rnatish, notiqlik mahorati, o‘z pozitsiyasini aniq va ishonchli bayon eta olish, shuningdek, umumiy maqsadga erishish uchun hamkasblar bilan samarali hamkorlik qilish, o‘z fikrlarini aniq va ishonchli bayon qilish qobiliyati);
2) xorijiy tillarni o‘zlashtirganlik, jumladan, davlat xizmatchisining xorijiy tilda suhbat qilish, turli mavzularda muloqot qilish, fikrlarni aniq ifodalash, tarjima qilish, yozma nutq qilish qobiliyatlari va kasbga oid maxsus terminologiyani bilishi tashkil etadi. Bugunda xorijiy tillarni o‘zlashtirganlik xalqaro hamkorlik, ta’lim, tadqiqot va kasbiy rivojlanish uchun zarur bo‘lgan muhim bilimlardan hisoblanadi;
3) O‘zbekiston tarixini o‘zlashtirganlik mamlakatning tarixiy davrlar (masalan, qadimgi davr, o‘rta asrlar, Rossiya mustamlaka davri, sobiq ittifoq davri va mustaqillik yillaridagi asosiy voqealar va jarayonlarni bilish), tarixiy shaxslar (masalan, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa buyuk tarixiy shaxslarning hayoti va faoliyati), o‘zbek xalqining milliy an’analari, urf-odatlari, qadriyatlari va ularning shakllanish tarixiga oid bilimlarni o‘z ichiga oladi. Mazkur ko‘rsatkich davlat xizmatchilarida milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish va jamiyatda ongli fuqaro bo‘lish uchun muhim ahamiyatga ega;
4) psixologik diagnozi, jumladan, davlat xizmatchilarining stressga bardoshligi, adaptiv va emotsional intellekt, empatiya, samarali muloqot, konfliktologik, frustratsion bag‘rikenglik, psixologik barqarorlik va plastiklik kompetensiyalari xususiyatlarining rivojlanganligi (masalan, stressga bardoshlik – davlat xizmatchisining yuqori bosim va hissiy zo‘riqish sharoitida yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy inqirozli va murakkab vaziyatlarda hissiy barqarorlikni saqlab qolish va oqilona qarorlar qabul qilish qobiliyatida namoyon bo‘ladi);
5) umumiy eruditsiya – bu davlat xizmatchisining fan, san’at, adabiyot, madaniyat va boshqa sohalarda keng qamrovli bilimlarga ega bo‘lishi hamda ushbu sohalarda fikr yurita olishidir. Bunda, fan va adabiyotlar tegishlicha kasbiy faoliyatiga oid yo‘nalishda bo‘lishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlanadi. Kasbiy kompetensiyaning ushbu ko‘rsatgichini oshirishda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 15 yanvardagi PQ-9-son “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ahamiyat kasb etadi. Xususan, mazkur qarorga asosan vazirlik va idoralarga 2026 yil 1 aprelga qadar o‘zida va tizimidagi tashkilotlarda “Kitob burchagi” tashkil etish va xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati”ni yo‘lga qo‘yish hamda tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga Byudjet tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi hisobidan bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti berish tizimi joriy etish vazifasi belgilandi;
6) intellektuallik koeffitsienti (IQ) – insonning aqliy qobiliyatini o‘lchash uchun ishlatiladigan sonli ko‘rsatgichdir. Intellektual koeffitsienti davlat xizmatchining mantiqiy fikrlash, fazoviy tasavvur, xotira va diqqat qobiliyatlari asosida maxsus testlar yordamida o‘lchanadi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestrida mavjud davlat organlari va tashkilotlarining boshqaruv va yordamchi guruhlariga taaluqli vakant lavozimlarni egallash, Farmon bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash uchun tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom”ga muvofiq nomzodlarning kasbiy kompetensiyalarini test sinovidan o‘tkazish va ular bilan suhbat o‘tkazish natijasida baholanishi belgilangan. Bunda, testlar “boshqaruv kadrlari” va “mutaxassislar” lavozim toifalari bo‘yicha alohida ishlab chiqilib, doimiy yangilab borilishi lozimligi, shuningdek, test sinovlariga “stressga bardoshlik” va intellektuallik koeffitsienti (IQ) darajasini aniqlashga qaratilgan alohida bo‘lim kiritilishi mumkinligi ta’kidlangan. Test savollarining to‘liq ro‘yxati e’lon qilinib boriladi (“stressga bardoshlik” va intellektuallik koeffitsienti (IQ) test savollari bundan mustasno).
Suhbat – intervyu yoki taqdimot (keys-stadi, topshiriq) kabi usullar asosida amalga oshiriladi. Suhbat davomida nomzodning soha bo‘yicha bilim saviyasi, kasbiy mahorati, umumiy dunyoqarashi (intellektual salohiyati), shaxsiy sifatlari (ma’naviy fazilatlari) hamda vakant lavozim uchun mosligi baholanadi.
“Davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz ravishda oshirish tartibi to‘g‘risida nizom”ga asosan, o‘z kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz ravishda oshirib borishi, davlat xizmatchilarni:
1) tegishli ravishda rag‘batlantirish,
2) yuqoriroq lavozimga tayinlash,
3) yuqoriroq malaka darajasini berish va
4) Milliy kadrlar zaxirasiga kiritishning muhim sharti hisoblanishi belgilandi.
Shunday qilib, davlat xizmatchisining kasbiy kompetensiyalariga oid ko‘nikma ko‘rsatkichlarini, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan umumnazariy bilim bilan bir vaqtda, ularning professionallik darajasi hamda shaxsiy sifatlariga doir bilim, ko‘nikma va malakalar tashkil etadi.
Xulosa o‘rnida, ta’kidlash kerakki, “O‘zbekiston-2030” davlat strategiyasi doirasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda kadrlarga yuqori talablarning qo‘yilishi barcha davlat xizmatchilaridan o‘zlariga zarur bo‘lgan kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarini rivojlantirib borish zarurligini taqozo etadi. Shu nuqtai nazardan, masalan, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 iyundagi PF–95-son Farmoni ijrosini ta’minlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan va tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga birinchi marta ishga qabul qilingan xodimlarning davlat xizmatiga kirish” o‘quv dasturi asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida an’anaviy hamda “Raqamli institut” platformasi orqali malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Rafik Shakurov
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini
oshirish instituti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi


