+998 71 200 02 35

Davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish sohasida qilinayotgan amaliy choratadbirlar hamda ushbu sohaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va ularning ahamiyati

27.08.2025 323

Zamonaviy davlat boshqaruvi samaradorligini belgilovchi asosiy omillardan biri bu — davlat fuqarolik xizmati tizimining rivojlanish darajasidir. Fuqarolik xizmati davlat idoralarining tayanch tuzilmasi bo‘lib, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyot va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishda muhim rol o‘ynaydi. Davlatimizda mustaqillik yillaridan boshlab bu sohada izchil islohotlarni amalga oshirilib kelinmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi davlat xizmatini rivojlantirish, bunda sifat va samaradorlikni oshirish, tizimga har tomonlama malakali, bilimli kadrlarni jalb qilish, davlat fuqarolik xizmati tizimining birligi va barqarorligi, qonuniylik, adolat, xalqqa xizmat qilish, davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldidagi javobgarligi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligiga katta e’tibor qaratilmoqda. Islohotlarning natijadorligi, ularning har bir fuqaroga yetib borishi bevosita davlat xizmatining ochiqligiga, unda ishlayotgan kadrlar salohiyati va mas’uliyatiga bevosita bog‘liq. Chunki aynan davlat xizmatchilari orqali fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib, o‘zgarishlarga nisbatan munosabati ijobiy tomonga shakllanadi hamda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni o‘z hayotida seza boshlaydi Yurtimizning barcha hududlaridagi davlat tashkilotlari va muassasalarida fuqarolarni ortiqcha ovora qilmasdan byurokratiyaga chek qo‘yish, davlat xizmatiga salohiyatli kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish, malakali kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirish zarurati ushbu sohaga oid qonunchilik hujjatlariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, islohotlarni amalga oshirishni taqozo etdi. Xususan, Prezidentimizning 2019-yil 3-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi tub o‘zgarishlarni boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mazkur farmon, davlat boshqaruvini isloh qilish va samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat xizmatchilarini tanlash va ularni ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Farmon bilan davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirishga oid birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Farmonning asosiy yoʻnalishlari sifatida davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar tanlash, joy-joyiga qoʻyish va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, davlat xizmatchilarini ishga qabul qilishda tanlov tizimini joriy etish, ularning faoliyatini baholashning shaffof mexanizmlarini yaratish, shuningdek, davlat xizmatchilarining malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va elektron platformalar orqali amalga oshirishga koʻmaklashish, bu orqali davlat xizmatlarining samaradorligini oshirish va korrupsiyani kamaytirish, davlat xizmatchilari faoliyatidagi korrupsiya holatlarini oldini olish va ularga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, davlat xizmatchilarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash kabi jarayonlarni keltirish mumkin. Ushbu farmon qabul qilinishi bilan, davlat fuqarolik xizmatini yanada takomillashtirish va isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanib, davlat fuqarolik xizmati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etilganligini alohida e’tirof etish lozim. Shu o‘rinda, davlatimiz rahbarining nomi yuqorida zikr etilgan 2019-yil 3-oktabrdagi farmonida mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatining asosiy tushunchalari, reglamentlari va kafolatlarini belgilab beruvchi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” gi qonun loyihasini xorijiy ekspertlarning tavsiyalari va keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi. Mazkur farmon ijrosi yuzasidan 2022-yil 8-avgustda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi 788-sonli qabul qilingan qonun davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni, ya’ni davlat organlari va tashkilotlari o‘rta bo‘g‘in xodimlarining mehnatini tartibga solishda muxim ahamiyat kasb etayotganini aytishimiz mumkin. 

Shuningdek, davlat fuqarolik xizmati tushunchasiga –  mazkur qonunning 3-moddasiga binoan davlat xizmatining bir turi boʻlib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlashga doir haq to‘lanadigan kasbiy faoliyat ekanligi kabi ta’rif berilgan. Ilgari bunday tushuncha yo‘q edi, endi fuqarolik va davlat xizmatining boshqa turlaridan nimasi bilan farq qilishi aniq bo‘ldi. Umuman olganda, davlat xizmati fuqarolik, huquqni muhofaza qiluvchi, diplomatik va harbiy yoki siyosiy va nosiyosiy bo‘lishi mumkin. Ularning har biri huquqiy vazifasiga ko‘ra bir biridan farqlanadi. Huquqshunos olimlar, soha mas’ullari va ekspertlar tomonidan ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishda bir qator rivojlangan davlatlarning fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi ilg‘or tajribasi o‘rganildi va tegishli joylari namuna sifatida olindi. Xorijiy mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, Germaniya, Fransiya, Niderlandiya hamda Osiyoning Yaponiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunlarida davlat xizmatiga kirish tartibi batafsil yoritilgan. Umuman olganda, davlat fuqarolik xizmatiga kirish qoidalari tartibi barcha dunyo mamlakatlarida mavjud. Germaniya, Polsha, Rossiya, Fransiya, Yaponiya, Latviya, Bolgariya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston mamlakatlarining davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunlarida xizmatchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, davlat xizmatchilari faoliyatini baholash, karerasi o‘sishi, boshqa davlat lavozimiga o‘tishi, mehnatga haq to‘lash, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish vaqti va mehnat ta’tillari tartibga solingan.

Xo‘sh, o‘tgan davrda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan nima ishlar amalga oshirildi. O‘tgan qisqa muddat mobaynida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan birgina “vacancy.argos.uz” platformasining ishga tushirilishi, ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlarning tashkilotma-tashkilot yurishi, hujjatlarini topshirish uchun ortiqcha vaqt sarflashining oldini olishi, shuningdek, vakant lavozimlarning ochiq e’lon qilinishi natijasida hamma fuqarolarga tanlovda qatnashish uchun bir xil imkoniyat yaratib berdi. Hozirgi tez o‘zgarayotgan va globallashayotgan davrda, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar har bir davlat xizmatchisi o‘z ustida ishlab, muntazam ravishda yangi bilimlarni egallab borishi kerakligini taqozo etmoqda. Rivojlangan xorijiy davlatlarda davlat xizmatchilarining kasbiy salohiyatini oshirish amaliyoti uzluksiz turda amalga oshiriladi. Sifatli ta’lim qiymat yaratishini, ya’ni ta’limga sarflangan xarajatlar tashkilotning faoliyat natijadorligi va samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini inobatga olgan holda ta’lim jarayonlari tashkil etiladi. Masalan, Fransiyada Davlat sektori transformatsiyasi va fuqarolik xizmati vazirligi tomonidan davlat xizmatiga olinayotgan (tanlovdan o‘tgan) mutaxassislar bir yil davomida o‘qitiladi. Ularga davlat boshqaruv missiyasi, davlat xizmatining mazmun-mohiyati hamda zamonaviy tendensiyalar va o‘z sohasiga mos ravishda o‘zgaruvchi qismlardan iborat ta’lim jarayoni tashkil etiladi. Turkiyada davlat xizmatchilarining ta’limga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganiladi va har bir davlat xizmatchisi o‘ziga kerakli bo‘lgan ta’lim dasturida malaka oshiradi. Jumladan, “Egitim kapisi” malaka oshirish platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, har bir vazirlik va idora ta’lim ehtiyojidan kelib chiqib, videodarslar (videokontentlar) tayyorlaydi, Inson resurslarini rivojlantirish departamenti tomonidan maqullangandan so‘ng platformaga joylanadi. Ya’ni, davlat xizmatchilariga o‘z sohasi uchun zarur bo‘lgan bilimlar beriladi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuniga asos, davlat fuqarolik xizmatchilarini qayta tayyorlash, ularning malakasi oshirilishini va ta’lim olishini muntazam ravishda tashkil etish davlat organlari va tashkilotlarining vakolatiga kiradi. Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash davomida davlat fuqarolik xizmatchilari kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishi shart. Chunki qonundagi eng katta o‘zgarishlardan biri hisoblangan, malaka darajalarini berishda malaka oshirish kurslarini tugatganligi haqidagi sertifikat inobatga olinadi. Ta’kidlash lozimki, davlat fuqarolik xizmatchilarini bugungi kun talablari asosida boshqarishda bir qator yangicha yondashuvlar talab qilinadi. Inson resurslarini tayyorlashni rejalashtirish, kasbiy komponentni oshirish, o‘z kasbiga layoqatlilarni aniqlash, salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirish, rahbarlik lavozimlari oshishida bilimga e’tibor berish, malaka oshirishning huquqiy-me’yoriy asoslarini ishlab chiqish, odob-ahloq me’yorlariga bo‘ysunish, davlat tashkilotlarida sog‘lom ma’naviy-psixologik muhitni shakllantirish shular jumlasidandir.

Shu bilan birgalikda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19 iyundagi “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 95-son farmoni qabul qilinganligi davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish sohasida qilinayotgan asosiy amaliy chora tadbirlar sifatida keltirish mumkin. Quyida mazkur farmonning asosiy jihatlari va mohiyati haqida tahliliy izoh keltiramiz. Farmonga koʻra, 2025-2026-yillarda davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasining doimiy hamkorligi asosida davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi joriy etilishi belgilab berildi. Shu jumladan, 2026-yil 1-yanvardan davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuzilishi hamda keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga koʻra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytirilishi kabi oʻzgartirishlar kiritildi. 2025-yil 1-avgustdan respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlardagi lavozimlarning boshqaruv va yordamchi guruhlari uchun tanlovlar faqatgina Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali oʻtkazilish tizimi joriy etilmoqda. 2025-yil 1-oktabrdan davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona moduli orqali amalga oshirilishi belgilab berildi. 2026-yil 1-yanvardan Davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etilishi hamda 2025-yil 1-sentabrdan davlat xizmatchilarining oʻz koʻnikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular oʻrtasida oʻzaro muloqotni kuchaytirish boʻyicha “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushirilishi davlat xizmatchilari oʻz faoliyatlarida davomida muxim boʻlgan bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashga zamin yaratadi deb ayta olamiz. 

Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, davlat xizmatchilari ishini natijadorlikka yo‘naltirish, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, sohaga istiqbolli kadrlarni jalb qilish va ularni professional mutaxassis etib tayyorlashning samarali tizimini joriy qilish, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida davlat organlarida kadrlar bilan ishlashning zamonaviy usul va mexanizmlari hamda yaxlit tizimini joriy etish, davlat organlarida salohiyatli va istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, davlat xizmatiga xotin-qizlarni keng jalb qilish uchun ularning sohaga bo‘lgan qiziqishi, manfaatdorligi va ishonchini oshirish, Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish, davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini joriy etish, davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari majburiy “Davlat xizmatiga kirish” maxsus kurslarini va keyinchalik har uch yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarini o‘tashi hamda mazkur kurslarning yakunlari bo‘yicha ularning nazariy bilim va ko‘nikmalari diagnostikadan o‘tkazilishi, vazirlik va idoralar tomonidan xodimlarni xorijda o‘qitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasini tashkil etish, shu jumladan, grantlar yoki donorlar mablag‘lari hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida davlat xizmatchilarini o‘qitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasi bilan bog‘liq tadbirlar majburiy tartibda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgandan so‘ng amalga oshirilishi kabi tizimlar belgilandi. Davlat xizmatchilari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini joriy etish maqsadida ham keng qamrovli vazifalar belgilab berildi. Davlat xizmatchilariga davlat xizmati lavozimlarining malaka darajalari berilishining yangi tizimi joriy etildi. Shubxasiz, ushbu farmon fuqarolik xizmatini nafaqat modernizatsiya qiladi, balki uni raqamlashtirish, baholash, kadrlarni shakllantirish va korrupsiya bilan kurashish orqali insonga yo‘naltirilgan, natijador, ochiq va samarali sistemaga aylantiradi. U “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga muvofiq, davlat boshqaruvini yangi bosqichga ko‘taradi. 

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar davlat fuqarolik xizmati tizimida yagona siyosatni yuritish, davlat fuqarolik xizmatchilarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi munosabatlarni tartibga solgan konseptual huquqiy hujjat sifatida davlat fuqarolik xizmatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Eng asosiysi, sohada yangi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar davlat fuqarolik xizmati tizimidagi barcha davlat organlari va tashkilotlarida yagona siyosatni yuritish imkonini berdi. Davlat fuqarolik xizmati — bu shunchaki ish tizimi emas, balki davlatning yuzi, uning samaradorligi va jamoatchilik ishonchining o‘lchovidir. O‘zbekiston davlat xizmati tizimida olib borilayotgan amaliy choralar — bu sohani zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarish, inson omilini qadrlash, samaradorlik va shaffoflikni kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardir. Bu o‘zgarishlar fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga, davlat xizmatlarining sifat jihatdan yangi bosqichga chiqishiga zamin yaratmoqda. Kelgusida bu islohotlar davlat xizmatchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va taraqqiyotga xizmat qiluvchi samarali boshqaruvni shakllantirish yo‘lida muhim rol o‘ynaydi. Davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va kiritilayotgan oʻzgarishlar mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir koʻrsatadi. Bu oʻzgarishlar davlat boshqaruvining samaradorligini oshirish, xizmat sifatini yaxshilash va aholining davlatga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuning uchun, bu yoʻnalishda izchil ish olib borish muhim ahamiyatga ega.

 

 

Oʻquv-uslubiy boʻlim bosh mutaxassisi

Sharipov Humoyun Hamid oʻgʻli