Adliya tizimi davlatning huquqiy siyosati va qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Hozirgi zamon adliya tizimi faoliyati faqat qonunlarni bilish va qo‘llash, huquqiy mobilligi bilangina cheklanib qolmaydi. Adliya xodimlari faoliyati insonlar bilan bevosita muloqotga asoslangan bo‘lib, har kuni fuqarolar, hamkasblar, rahbariyat va turli tashkilot vakillari bilan muloqot qiladilar. Shu bois, muloqot psixologiyasini bilish va amalda qo‘llash adliya faoliyati samaradorligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etib, adliya xodimlari kasbiy faoliyatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. To‘g‘ri tashkil etilgan samarali muloqot fuqarolarning huquqiy ongini, ishonchini oshiradi, nizolarni kamaytiradi va adliya organlariga bo‘lgan jamoatchilik ishonchni mustahkamlaydi.
Muloqot psixologiyasi — insonlar o‘rtasida axborot almashinuvi, o‘zaro ta’sir va o‘zaro tushunish jarayonlarining psixologik qonuniyatlarini o‘rganuvchi fan sohasidir. Adliya xodimlarining kasbiy faoliyatlari ijtimoiy-psixologik talablarning kuchayishi sharoitida amalga oshiriladi va kasbiy faoliyatlarining asosiy qismini muloqot tashkil etadi. Funksional vazifalarni bajarilishining sifati, albatta, ushbu kasb xodimlarining qanchalik muloqotga kirishuvchanligiga, empatiya ko‘nikmalarining qay darajada rivojlanganiga ham bog‘liq.
Muloqot –ijtimoiy psixologik ta’sir o‘tkazuvchi jarayon bo‘lib,shaxsning faoliyat ehtiyojlaridan kelib chiqadigan,insonlar o‘rtasida o‘zaro axborot almashish,idrok qilish,anglash va baholash jarayoni hisoblanadi.
Muloqot jarayoni shaxslarning qiziqishlari, dunyoqarashlari, muomala va madaniyatlari va ehtiyojlari bilan uzviy bog‘liq.
Muloqot quyidagi psixologik tizimini, asosiy jihatlarini o‘z ichiga oladi:
1) Kommunikativ tomoni (axborotni uzatish va qabul qilish, muloqotga kirishuvchilar o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvi jarayoni).
2) Interaktiv tomoni (o‘zaro ta’sir va hamkorlik, muloqotga kirishuvchilarning xulq atvorlariga ta’sir jarayoni).
3) Perseptiv tomoni (muloqotga kirishuvchilarning bir birlarini idrok etishlari va uning holatini tushunishlari bilan bog‘liq psixologik jarayon).Adliya xodimlari faoliyatida ushbu uch tomonning barchasi doimiy ravishda namoyon bo‘ladi.
Adliya xodimlari quyidagi jarayonlarda muloqot psixologiyasidan foydalanadilar:
Fuqarolarni qabul qilish va murojaatlarni ko‘rib chiqishda;
Huquqiy maslahat berishda;
Hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida;
Nizoli vaziyatlarni hal etishda;
Sud va boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda.
To‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan muloqot fuqarolarning adliya organlariga nisbatan ishonchini oshiradi va xizmat samaradorligini ta’minlaydi.
Adliya xodimlari uchun muhim muloqot ko‘nikmalari.
Adliya sohasida faoliyat yurituvchi xodim quyidagi psixologik-muloqot ko‘nikmalariga ega bo‘lishi zarur;
-Samarali muloqot usullariga oid nazariy bilimlarga ega bo‘lish va ushbu bilimlarni amaliy qo‘llay bilish;
-Faol tinglash — fuqaroni diqqat bilan tinglash va uning muammosini to‘g‘ri tushunish;
-Empatiya — suhbatdoshning his-tuyg‘ularini anglash va hurmat qilish;
-Sabr-toqat va o‘zini boshqara olish — keskin yoki stress holatlarda ham xotirjamlikni saqlash (frustratsion bag‘rikenglik ko‘nikmasini rivojlantirish);
-Hissiy barqarorlikni ko‘nikmalarini rivojlantirish ( hissiy intellekt ko‘nikmasini rivojlantirish) ;
-Aniq va ravon nutq — huquqiy ma’lumotlarni sodda va tushunarli tilda yetkazish, bayon etish (samarali muloqot ko‘nikmasini rivojlantirish) ;
-Noverbal muloqotni to‘g‘ri qo‘llash — yuz va ko‘z ifodasi, ovoz ohangi, mimika va ishoralardan, harakatlardan to‘g‘ri foydalanish;
-Psixologik barqarorlik — stress va bosimli, manipulyatsiya holatlarda o‘zini boshqara olish, frustratsion bag‘rikenglik ko‘nikmalarini rivojlantirish, stressga chidamlilik ko‘nikmalarini rivojlantirish.
-Ushbu ko‘nikmalar fuqarolar bilan samarali muloqot olib borishda, ishlashda muhim psixologik vosita hisoblanadi.
-Nizoli vaziyatlarda muloqot psixologiyasining ahamiyati.
-Adliya amaliyotida nizoli holatlar tez-tez uchrab turadi. Bunday vaziyatlarda muloqot psixologiyasi quyidagi vazifalarni bajaradi:
-Nizoning psixologik sabablarini aniqlashga, tahlil qilishga, refleksiya;
-Qarshi tomonning individual psixologik xususiyatlarini o‘rganishga, pozitsiyasini tushunishga va ishonchli aloqa o‘rnatishga;
-Murosaga keltiruvchi samarali muloqot usullarini amalda qo‘llashga;
-Emotsional intellekt ko‘nikmalarini rivojlantirgan xolda, muloqot vaqtida emotsional keskinlikni kamaytirishga;
-Psixologik jihatdan to‘g‘ri olib borilgan muloqot nizoni eskalatsiya bo‘lmasdan, deeskalatsiya qilish imkonini beradi.
Muloqot inson hayotining ajralmas qismi bo‘lib, jamiyatda yashash, o‘qish, ishlash va shaxsiy munosabatlarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Samarali muloqot orqali inson o‘z fikr va his-tuyg‘ularini aniq ifoda etadi, boshqalarni tinglaydi va o‘zaro tushunishga erishadi. Shu bois, muloqotning turlarini bilish va ulardan to‘g‘ri foydalanish har bir shaxs va albatta adliya organlari xodimlari uchun muhim hisoblanadi.
Samarali muloqot — bu axborot almashish jarayonida tomonlar bir-birini to‘g‘ri tushunib, samarali muloqot usullarini bilgan xolda, ularni amalda moxirona qo‘llab kutilgan natijaga erishishidir. Samarali muloqotda:
fikr aniq va ravon bayon qilinadi, tinglash madaniyatiga rioya etiladi, suhbatdosh, resipientning individual psixologik xususiyatlari inobatga olinadi o‘zaro hurmat va ishonch saqlanadi, muloqot maqsadiga erishiladi.
Samarali muloqot turli mezonlar asosida tasniflanadi. Muloqotning eng asosiy turlari: Verbal muloqot, noverbal muloqot, paraverbal muloqot.
Verbal muloqot — so‘zlar orqali amalga oshiriladigan muloqot turidir. U og‘zaki va yozma shaklda bo‘ladi. Verbal muloqot – bu so‘zlar og‘zaki nutq yordamida ma’lumot almashish jarayoni va nutq vositalaridan foydalangan holda insonlar yoki guruhlar orasidagi hissiy o‘zaro ta’sir ko‘rsatishdir. Verbal muloqot odamlar orasida maqsadli, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita aloqani o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlash jarayoni. (Kunitsina.V).
Verbal muloqotga nimalarni kiritish mumkin? Og‘zaki aloqa (belgi), so‘zlar yordamida amalga oshiriladi. Og‘zaki aloqa vositalariga inson nutqi kiradi, bu quyidagilarni o‘z ichiga oladi: imo-ishora, yuz ifodalari, ovoz ohanggi. Verbal muloqot – bu axborot almashinuvining asosiy kanalidir. U sizga deyarli hamma narsani yetkazish imkonini beradi: bilim va taxminlar, faktlar, qo‘rquv va shubhalar, hissiyotlar va tuyg‘ular.
Og‘zaki muloqot: suhbat, ma’ruza, bahs-munozara, intervyu
Afzalliklari :tezkor axborot almashish, his-tuyg‘ularni ifoda etish imkoniyati, savol-javob orqali aniqlik kiritish.
Yozma muloqot: maktublar, elektron pochta, xabarlar, maqolalar
Afzalliklari: fikrni puxta o‘ylab yozish, hujjat sifatida saqlanishi, rasmiy muloqotda.
Noverbal muloqot
Noverbal muloqot — so‘zlarsiz amalga oshiriladigan muloqot turidir. U quyidagi vositalarni o‘z ichiga oladi: ishora va imo-ishoralar, yuz ifodasi, (mimika), tana harakatlari, ko‘z bilan aloqa.
Noverbal muloqot verbal muloqotni to‘ldirib, uning ta’sirchanligini oshiradi. Ayrim hollarda u so‘zlardan ham ko‘proq ma’no anglatishi mumkin.
Noverbal muloqot – bu insonlar orasida so‘zlardan foydalanmasdan, ya’ni
( imo-ishoralar, yuz, ko‘z ifodalari, pantomima orqali ma’lumot uzatish yoki bir biriga ta’sir qilish) nutq va til vositalarisiz bevosita yoki biron bir belgi ko‘rinishida taqdim etiladigan o‘zaro aloqa ta’siri.
Psixologlarning fikricha, noverbal (og‘zaki bo‘lmagan) signallarni to‘g‘ri talqin qilish samarali muloqotning eng muhim shartidir. Odamlar o‘z fikrlarini, his-tuyg‘ularini to‘liqroq, aniqroq, yorqinroq ifodalash uchun og‘zaki bo‘lmagan noverbal muloqotdan foydalanadilar.
Asosiy noverbal, og‘zaki bo‘lmagan muloqot vositalariga imo-ishoralar, mimikalar, pantomima, tana harakatlari, butun tananing umumiy motorikasi, harakatlar ifodali ekspressiv (ifoda hissiy va baholovchi xarakterdagi qo‘shimcha ma’lumotlardan iborat bo‘lgan nutq, nutq va til birikmalarining ekspressivligini oshirish va ifodali (tana holati, mimika, imo-ishoralar, yurish, harakatlar) kiradi.
Shaxslararo muloqot
Shaxslararo muloqot ikki yoki bir necha inson o‘rtasida yuzma-yuz yoki masofadan turib amalga oshiriladi. Bu turda: o‘zaro fikr almashish, hissiy yaqinlik, ishonch va hamdardlik muhim o‘rin tutadi.
Guruhli muloqot
Guruhli muloqot bir necha kishi ishtirokida amalga oshiriladi. Bunda:
har bir ishtirokchining fikri inobatga olinadi; jamoaviy qaror qabul qilinadi; hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Rasmiy va norasmiy muloqot
Rasmiy muloqot:qoidalar va me’yorlarga asoslanadi; ishbilarmonlik uslubida olib boriladi; lavozim va maqom muhim xizmat yozishmalari, yig‘ilishlar, intervyular.
Norasmiy muloqot: erkin va samimiy bo‘ladi; shaxsiy munosabatlarga asoslanadi; kundalik hayotda ko‘p uchraydi do‘stlar suhbati, oila davrasidagi muloqot.
Muloqot jarayonidagi eng asosiy shartlardan biri – noverbal signallar va verbal, ya’ni og‘zaki gapirilgan ma’lumot o‘zaro mos kelishi kerak. Shunga qarab biz odamning yolg‘on yoki haqiqatni gapirayotganini bilib olamiz.
Paralingvistik muloqot – kishi ovozining balandligi, tembri, tonalligi, intonatsiyasiga asoslanadi.
Ekstralingvistik muloqot – nutq tezligi, pauzalardan foydalanish, ho‘rsinish, kulish, yig‘lash va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
O‘zaro muloqot davomida o‘zganing yetakchi reprezentativ tizimiga mansub ekanligini aniqlash,bilish ularning o‘rtasidagi ba’zi tushunmovchiliklar,muqarrar bo‘lgan ziddiyatlarning oldini olish va o‘zaro muloqotning samarali bo‘lishi imkonini beradi. Shaxsning reprezentativ tizimi deganda – insonning tashqi olamdan ma’lumoti idrok etish uni miyada qayta ishlash va bayon etish uslubi tushuniladi.
Ma’lumki inson tashqi olamdagi ma’lumotni 5 ta sezgi organlari ko‘rish, eshitish, tana sezgisi (tuyish), ta’m va xid bilish orqali qabul qiladi. Sanab o‘tilganlar ichida birinchi 3 tasi asosiy ma’lumot yetkazuvchi sezgi turlari bo‘lib, ularni ba’zan 3 asosiy reprezentativ tizim deb ham ataladi.
Bunday talqinda ko‘rish – vizual, eshitish- audial, tuyish-kinestetik reprezentativ tizimlar nazarda tutiladi.
Aniqlanishicha har bir inson tashqi muhitdagi, ma’lumotni qabul qilishda uchchala reprezentativ tizimdan foydalanadi. Lekin, har bir odamning tabiiy moyilligi va yashash muhiti unda bironta reprezentativ tizimni yetakchi qilib qo‘yadi. Mana shu yetakchi reprezentativ tizimning turliligi tashkilot miqyosidagi xodimlar tipologiyasi uchun yana bir asos bo‘lib xizmat qiladi. Siz adliya xodimi sifatida suhbatdoshingizning qaysi reprezentativ sensor kanali yetakchiligini muloqotingizning samarali bo‘lishi uchun bilishingiz muhim. Adliya xodimlarining kasbiy faoliyatlarida muloqotni samarasini qilishda, samarali muloqotning usullarini o‘z vaqtida qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday usullardan biri rapport usulidir. Ilmiy adabiyotlarda rapport ishtirokchilar o‘rtasidagi o‘zaro e’tibor, ijobiy munosabat va xulq-atvorni muvofiqlashtirish bilan tavsiflanadigan shaxslararo o‘zaro ta’sir sifatida qaraladi. U ishonchli va o‘zaro tushunishga asoslangan aloqani shakllantirib, samarali muloqotni ta’minlashga xizmat qiladi. Rapport — bu ishtirokchilar o‘rtasidagi o‘zaro psixologik muvofiqlik bilan tavsiflanadigan dinamik shaxslararo holat bo‘lib, u ishonch, empatiya, ijobiy affektiv bog‘liqlik hamda muloqot ishtirokchilarining verbal va noverbal xulq-atvorini muvofiqlashtirishni o‘z ichiga oladi. Bu holat o‘zaro ta’sir samaradorligi va o‘zaro tushunishni oshirishga xizmat qiladi.
Ilmiy kontekstda rapport quyidagicha qaraladi: psixologik fenomen (emotsional va kognitiv muvofiqlik); jarayon (muloqot davomida shakllanadi va qo‘llab-quvvatlanadi); samarali muloqot sharti (axborotni uzatish va talqin qilishni yengillashtiradi). Asosiy komponentlar (ijtimoiy va kommunikativ psixologiya ma’lumotlariga ko‘ra): O‘zaro e’tibor — ishtirokchilarning bir-biriga qaratilgan diqqati. Ijobiy affektiv bog‘liqlik — do‘stona, ijobiy hissiy munosabat. Muvofiqlashuv (koordinatsiya) — nutq, intonatsiya, imo-ishoralar va muloqot sur’atining sinxronlashuvi.
Ilmiy tadqiqotlarda rapport ko‘pincha empatiya, ijtimoiy attenuatsiya (yumshatish, bayonotni zaiflashtirish, inson nutq ataylab kamroq qattiq, kamroq to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki kamroq qat’iy qilib ifodalash) interpersonal sinxronizatsiya va shaxslararo ishonch kabi tushunchalar bilan bog‘liq holda o‘rganiladi.
Xulosa qilib aytganda, muloqot psixologiyasi adliya xodimlari faoliyatida muhim o‘rin tutadi va adliya faoliyatining ajralmas qismi hisoblanadi. U adliya xodimlarining kasbiy va psixologik kompetensiyalarini, samaradorlikni oshiradi, fuqarolarning huquqiy himoyasini ta’minlaydi, fuqarolar bilan o‘zaro ishonchli munosabatni shakllantiradi va davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, huquqiy madaniyatni yuksaltiradi. Shu sababli, adliya tizimida muloqot psixologiyasiga alohida e’tibor qaratish muhimdir, adliya xodimlari nafaqat huquqiy bilimlarga, balki, samarali muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun muloqot psixologiyasiga oid bilimlarga ham ega bo‘lishlari zarur.
Dilbar Xojimuhamedova,
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va
malakasini oshirish instituti katta o‘qituvchisi


